Янги мақола
Bepul yuridik yordam
Fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarda bepul yuridik yordam ko`rsatish tartibi
Bebutova Zarnigor Faxriddinovna
Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik
protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi
kafedrasi o`qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarda bepul yuridik yordam ko`rsatish tartibi bayon etilgan. Shuningdek, bepul yuridik yordam ko`rsatish asoslari, kimlar, qanaday tartibda bepul yuridik yordamdan foydalana olishi milliy qonunchilik asosida tahlil qilingan va bu boradagi chet el tajribasi o`rganilgan.
Kalit so`zlar: bepul yuridik yordam, advokat, fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar.
So`ngi yillar davomida davlatimizda fuqarolarningbarcha qatlamlari o`z huquq va manfaatlarini himoya qila olishini kafolatlash maqsadida bepul yuridik yordam ko`rsatish masalasi keng targ`ib qilinmoqda va bu bo`yicha qonunchiligimizda ko`plab islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, 2023-yilning 16-iyun kuni O`zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual kodeksining 67-moddasi quyidagi mazmundagi to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirildi:
Sud da’vogarning yoki javobgarning iltimosiga ko‘ra, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadiganadvokat jalb etiladigan paytga qadar sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt berilishi kerak [1].
Yuqoridagi normada qayd etilganidek, fuqarolik sud ishlarini yuritish ishtirokchilaridan faqat da`vogar va javobgarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko`rsatilishi mumkin.
Xo`sh ushbu subyektlar qanday hollarda bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin?
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishto‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasiga ko`ra
1)kam ta’minlangan shaxslar, agar ular fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vogarlar yoki javobgarlar bo`lsa;2)ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslar, ularga “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda ( ushbu qonunning 10-moddasiga muvofiq shaxsga psixiatriya yordami ko‘rsatishda uning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni bepul yuridik yordam tarzida advokat, shuningdek bepul yuridik yordam ko‘rsatishga vakolatli bo‘lgan boshqa shaxs amalga oshirishi mumkin);3)o‘z huquqlari buzilgan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar (ushbu qonunning 28-moddasiga ko`ra xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmatlarga haq to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi).
Ushbu normada belgilangan “kam ta`minlangan shaxslar” deganda kimlarni tushunish lozim?
Ushbu savolga ham “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonundan javob topish mumkin. Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalar belgilangan bo`lib unga ko`ra kam ta’minlangan shaxs — “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida kam ta’minlangan shaxs deb e’tirof etilgan shaxs hisoblanadi [2].
Qanday toifadagi fuqarolar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam ta’minlangan shaxs deb e’tirof etiladi?
Oila:
2021-yilning 1-sentabridan — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad 440 ming so‘mdan oshmaganda;
2022-yildan boshlab — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi [3].
Shu o`rinda savol tug`iladi minimal iste’mol xarajatlari o`zi nima?
Minimal iste’mol xarajatlari uy xo‘jaliklarining real iste’mol qiymatlari va tarkibini o‘rganish asosida ularning sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymatidir. Minimal xarajatlar hisoblangan yil bazaviy yil bo‘lib, kelgusi yil uchun minimal xarajatlar oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi. 2024 yilning 1 mayidan boshlab minimal iste’mol xarajatlari 648 ming so‘m deb belgilangan.
Endigi savol ushbu shaxslar barcha ishlar yuzasidan bepul yuridik yordam olish huquqiga egami?
Yuqoridagi qonunning 11-moddasiga ko`ra ishga tiklash haqidagi; ish haqini undirish to‘g‘risidagi;alimentlarni undirish haqidagi; uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish va ko‘chirish to‘g‘risidagi; mehnatda mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchining vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi;O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 991-moddasida nazarda tutilgan tartibda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarining va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi ishlarda jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatiladi.
Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslarga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda davlat hisobidan yuridik yordam: fuqarolik ishlari bo‘yicha sud-psixiatriya ekspertizasini o‘tkazish chog‘ida ko‘rsatiladi.
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida davlat hisobidan yuridik yordam xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning quyidagi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatiladi:
➢davlat fuqarolik xizmati sohasida;➢saylov huquqlarini amalga oshirishda;➢iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida;➢mehnat munosabatlarida;➢ijtimoiy himoya sohasida;➢oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida;➢ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamdasog‘liqnisaqlash sohasida.
Endigi masala fuqaro sudga davlat hisobidan yuridik yordam ko`rsatishni so`rab murojaat qilgandasud qanday harakatlarni amalga oshirishi lozim?
Davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan da’vogarning yoki javobgarning iltimosiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sud tomonidan ajrim chiqarilib, ushbu ajrim (davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov) “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali yuboriladi. Ushbu ajrimda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan jismoniy shaxs haqidagi axborot, shu jumladan uning pasportga oid ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-karta), ish raqami va toifasi, ish yuritiladigan til va davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan boshqa axborot ko‘rsatiladi. Sud tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan jismoniy shaxsning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida hisobda turganligi haqidagi ma’lumotlar “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
Agar davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan jismoniy shaxs “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida hisobda turgan bo‘lsa, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi va ko‘rib chiqish uchun maxsus vakolatli davlat organi (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir)ga yuboriladi.
Agar jismoniy shaxs “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida hisobda turmagan bo‘lsa, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi. Davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risidagi ariza yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rov maxsus vakolatli davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi
Davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risidagi arizani yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rovni ko‘rib chiqishda quyidagilar tekshiriladi:
✓davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risidagi arizada yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rovda bayon etilgan masalalarningdavlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlarro‘yxatiga muvofiqligi;✓davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risidagi ariza davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxsning vakili tomonidan berilgan taqdirda — jismoniy shaxsning vakiliga berilgan ishonchnoma va (yoki) uning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs va uning vakili o‘rtasidagi qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;✓ariza ruhiy holati buzilgan, psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan jismoniy shaxsning qonuniy vakili yoki psixiatriya muassasasi tomonidan berilgan taqdirda — jismoniy shaxsga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganligi haqidagi axborot;✓arizao‘z huquqlari buzilgan, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxs tomonidan berilgan taqdirda — xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi bilan bog‘liq ish sudda ko‘rib chiqilayotganligi haqidagi axborot.
Ushbu tekshirish natijasida yuqorida axborotlar to`g`ri chiqmasa ariza (so`rov) rad etiladi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rovni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan maxsus vakolatli davlat organi so‘rov yuborgan vakolatli organni (mansabdor shaxsni) davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqida yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni rad etish to‘g‘risida xabardor qiladi. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish rad etilganligi ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqidagi so‘rovda ko‘rsatilgan axborot “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq bo‘lgan taqdirda, maxsus vakolatli davlat organi tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror “Yuridik yordam” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
Endigi savol davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokat qanday tanlanadi?
“Yuridik yordam” axborot tizimi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlardan birini avtomatik ravishda tanlaydi. “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatni tanlashda uning ixtisoslashuvi, advokat qaysi hudud doirasida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘sha hudud va ish yuritish tili inobatga olinadi.
“Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan advokat haqidagi axborot davlat hisobidan yuridik yordam olish to‘g‘risida ariza bergan jismoniy shaxsga yoki davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish haqida so‘rov yuborgan vakolatli organga (mansabdor shaxsga) jo‘natiladi. Agar “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan advokat ishda ishtirok etishni rad etadigan bo‘lsa, u rad etish asoslarini darhol “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritishi kerak. “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokatni tanlash jarayoni “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan advokatlardan biri o‘zining ishda ishtirok etishini tasdiqlanmaguniga qadar davom etadi.
Advokat qanday hollarda ishtirok etishni rad qiladi?
Advokat quyidagi hollarda yuridik yordam ko‘rsatishto‘g‘risidagi topshiriqni qabul qilmasligi lozim
•murojaat qilgan shaxsning manfaatlari mazkur ish bo‘yicha yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki yuridik yordam ko‘rsatilgan shaxslarning manfaatlariga zid bo‘lsa;•garchi shaxslardan birining manfaatlari boshqasining manfaatlariga zid bo‘lmasa-da, ammo bu shaxslar ishning ayni bir voqeasi bo‘yicha turlicha nuqtayi nazarda bo‘lsalar;•ayni bir ish bo‘yicha voyaga yetgan va voyaga yetmagan shaxslarning himoyasini amalga oshirish zarur bo‘lsa;•ilgari u sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, jamoat ayblovchisi, sud majlisi kotibi, ekspert, mutaxassis, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vaqili, guvoh, xolis, tarjimon sifatida ishtirok etgan bo‘lsa;•ishni dastlabki tergov qilishda yoxud sudda advokatning qarindoshi bo‘lgan mansabdor shaxs ishtirok etganyoki ishtirok etayotgan bo‘lsa;•agar advokat bevosita yoki bilvosita shu ishdan shaxsan manfaatdor bo‘lsa hamda bu hol ishonch bildiruvchi shaxsning (himoya ostidagi shaxsning) manfaatlariga zid kelsa;•agaraniq holatlar natijasida turlicha manfaatlarga ega bo‘lgan shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatish zaruriyati, shuningdek manfaatlar ziddiyati potensial imkoniyati bo‘lsa, sheriklik shartnomasiga asosan birgalikda yuridik yordam ko‘rsatayotgan advokatlar topshiriq ijrosini davom ettirish uchun barcha ziddiyatli munosabatlar taraflaridan yozma roziligini olishlari hamda shu manfaatlarni huquqiy himoya qilishining teng imkoniyatlarini ta’minlashlari shart[4].
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
1.O`zbekiston RespublikasiningFuqarolik protsessual kodeksi.https://lex.uz/docs/-3517337#-35191882. O`zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonuni. https://lex.uz/docs/-6502543#-65085843. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining“Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori asosida tasdiqlangan “Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom. https://lex.uz/docs/-5688101#-56916424. Advokatning kasb etikasi Qoidalari. https://nrm.uz/contentf?doc=549533_advokatning_kasb_etikasi_qoidalari_(o%E2%80%98zr_advokatlar_palatasining_ii_konferenciyasining_27_09_2013_y_qaroriga_8-ilova)&products=1_vse_zakonodatelstvo_uzbekistana
Ишингиз мураккаб бўлса — адвокат билан гаплашинг
Ўз ҳолатингизни мутахассисга кўрсатиш, хатоларнинг олдини олишга ёрдам беради. Ҳудудингиздаги адвокатни танланг.
Ўз ҳолатингизга мос жавоб олинг
Ҳар бир ажрашиш ҳолати ўзига хос. Юқоридаги маълумотлар умумий — лекин сизнинг ҳужжатларингиз ва ҳолатингизни кўриб чиқиш керак.